YAKSHANBA, 2017-DEKABR-17, 04:20:11

WWW.AJOYIB.NET

Меню сайта
Категории раздела
SHOU BIZNES
SEVGI
JAHON YULDUZLARI
QIZIQARLI
DUNYO XABARLARI
MO'JIZA
AVTOMASHINALAR
KOMPYUTERLAR UCHUN
FOYDALI MASLAHATLAR
TIBBIYOT OLAMI
MOBIL_TELFONLAR
SPORT_YANGILIKLARI
TANLOV
PSIXOLOGIYA
TALAB VA TAKLIF
IBRATLI HIKOYALAR
FIKR MULOHAZA
SHERIYAT
Мини-чат
         Rang tanlash
200
Наш опрос
SIZGA QAYSI SOXA KO'PROQ YOQADI
JAVOBLAR SONI: 253
Статистика

HOZIR SAYTDA 1
MEHMON 1
FOYDALANUVCHILAR 0
Форма входа
LOGIN
PAROL:
Поиск
Календарь
«  MART 2012  »
ПнВтСрЧтПтСбВс
   1234
567891011
12131415161718
19202122232425
262728293031
Архив записей
Друзья сайта
  • Официальный блог
  • Сообщество uCoz
  • FAQ по системе
  • Инструкции для uCoz
  • Главная » 2012 » MART » 21 » Lo`lilar mahallasi ACHAVOT
    09:33:42
    Lo`lilar mahallasi ACHAVOT


    Qorachadan kelgan, tojikchanamo so‘zlashadigan, qiziqqon xalq — lo‘lilar haqida anchadan buyon maqola qilishni o‘ylab yurgandik. Ammo... har safar qo‘rquv ustun kelardi. Chunki xalq orasida "lo‘lilar marhumni uyiga ko‘marmish, hamma uyda qabr bormish. "Charxpalak” serialiga ham lo‘lilar uyini izlab, marhum ko‘milmagan xonadonni arang topishganmish” degan mish-mishlar yuradi. Yana deng, ularning ko‘zi qattiq, bitta qarashda gipnoz qilib qo‘yadi, deyishadi. Bironta lo‘lining uyiga kirsagu, savollarimiz malol kelib... u yerdan qaytib chiqmasak nima bo‘ladi, degan o‘ydan yuragim gupirlab urib ketdi. Shu bois lo‘lilar bilan qilinadigan suhbat qolgandan qolib kelayotgandi. Qishdan beri!


    Bir kuni tahririyatga kelsak, yaxshi xabar yuribdi. Kimda-kim gazeta tili bilan aytganda "portlaydigan” maqola qilsa, katta miqdorda mukofot berilarmish... Uh!!! Hech kim joyida o‘tirolmay qoldi. Ko‘p eshitamiz, chet el jurnalistlari sensatsion maqola qilsa gonorari katta bo‘ladi, shu bois tinim bilmay ishlaydi. Demak... biz tomonlarda ham quyosh chiqarkan-da!
    Yakka o‘zim borishga biroz cho‘chib turgandim, hamkasbim Maxfura sherik bo‘lishni taklif qilib qoldi. Ko‘nmay bo‘ladimi? Fotoapparat va diktafonni qo‘lga olib Achavot mahallasi tomon oshiqdik. Ammo ichimda biroz g‘ashlik, sherigim qiz bola. Lo‘lilar haqidagi gap-so‘zlardan keyin qiz bola bilan borish bo‘ynimga ancha yukni tashlagandek edi...

    LO`LILAR "BARONI”NI IZLAB
    Hozir ham lo‘lilarning Baroni bo‘lishini bilasizmi? Baronning ruxsatisiz hech bir lo‘li siz bilan gaplashmaydi, uyiga ham kiritmaydi.
    Chindan ham va’dani berishga berdigu, ammo lo‘li mahallaga yaqinlashganimiz sayin oyoqlarim titrab ketayotganini sezib qoldim. Sherigimga qarasam, ranglari oqarib ketibdi. Demak, u ham kelishga kelib, ichini «it timdalayapti». O‘zimning ahvolim o‘zimga erish tuyulib: "Pul o‘lsin-a, pul o‘lsin!” deb qo‘ydim bosh chayqab...
    Lo‘lilarning «baroni» — bu ularning oqsoqoli. Lo‘lilar qoidasiga ko‘ra, u jismonan kuchli va aqlli bo‘lishi kerak. Ya’ni qiziqqon, jahongashta millat vakillari unga itoat etishlari lozim. U oilaviy-maishiy masalalardan tortib, ijtimoiy va boshqa muammolarni ham hal qilish huquqiga ega. Bir so‘z bilan aytganda — u himoyachi va odilona qaror qabul qiluvchi Hakamdir.
    Lo‘li mahallaga kiraverishda shopmo‘ylov, qorachadan kelgan, chamasi 35-40 yoshlar atrofida bo‘lgan bir odamni uchratdik. Men xuddiki yaqin tanishimni uchratib qolgan odamdek quyuq so‘rasha ketdim. Lo‘li amaki hayron...
    — Amaki, biz jurnalistmiz. Lo‘li millati haqida maqola qilmoqchiydik. Shunga lo‘lilarning "baroni”ni izlab yuribmiz, — dedim.
    O‘zini Mannop aka deb tanishtirgan bu odam bizga sinchkov nazar tashladi-da:
    — Gazetdan keldingizlarme, hay, maqtab yozasizme, — deb so‘radilar soddadillik bilan.
    — Ha-da, sizlarning urf-odatlaringiz, yashash tarzingiz, udumlaringiz bilan tanishmoqchimiz, — dedim.
    — Ha, shundoq deng. Unda... qani yuring-chi! – deya yo‘l boshladi u odam.
    Joy yetmaganday bir-biriga qapishtirib qurilgan pastqam-pastqam imoratlar oralab Mannop aka boshlagan yo‘lga keta boshladik. Shu o‘rinda baron Mannop akaning o‘zimikan yoki eski udumlari qolib ketganmikan, bunisini bilolmadik. Har qalay lo‘lilar bizni ochiq chehra bilan kutib olishdi. Notanish bir xonadonga kirishimiz bilan bizga peshvoz chiqqan ikki lo‘li ayol bir xonaga boshladi. Biz esa so‘riga ko‘rpacha to‘shashlarini iltimos qildik. Ochig‘i, ichkariga kirib o‘tirishga qo‘rqdik. Shundan keyin ularning biri supaga ko‘rpacha to‘shadi. Supa tagi tovuq katagi chog‘i, tovuqlarning «qa-qag‘lashi» shundoq eshitilib turardi. Bir payt uydagi har bir eshikdan bir to‘da yosh bola-yu, katta yoshli odamlar chiqib kelishdi. Hammasi bizga ajablanib qarar, o‘z tillarida nimalarnidir bir-birlariga aytishardi. Orasidagi «intervyu» deb eshitilgan so‘zdan bildikki, ular bizni intervyu olgani kelganlar deyishdi, shekilli. Ularning hammasi shu xonadon a’zolari emish! Besh-olti xonali uyda 20 tacha odam turarkan, qoyil-ey! Ular bir-birlari bilan qattiq-qattiq gaplashishar, ammo qo‘limda fotoapparat tutgan meni nazardan chetda qoldirishmasdi. Chunki men maqolamiz uchun «portlatgich» bo‘lib xizmat qiluvchi har narsani suratga tushirayotgan edim. Ammo... menga «taborlari bedarvoza emasligini tushuntirib qo‘yishdi». Lo‘li ayollar suratga tushishni istamadilar. Lo‘li millati biz o‘zbeklar kabi kattalarni qattiq hurmat qilishar ekan. Bir payt ichkaridan 70-75 yoshlar atrofidagi keksa onaxon chiqib keldi. Yurishlari og‘ir-vazmin, qarashlari tiyrak. Aftidan shu xonadonning «baroni» — yigitlarning onasi, kelinlarning qaynonasi bo‘lsalar kerak.
    — Assalomu alaykum, xolajon! — men u kishiga alohida izzat-hurmat ko‘rsatdim. Umuman, men qayoqqa borsam, o‘shalarning qiyofasiga kirishga ustaman... Ammo ming tavallo qilmay o‘g‘illari onaxonni suratga tushirgani ruxsat etmadilar. «Kim biladi, bu muxbirvachchalarning niyatini?» deb o‘ylashdi shekilli. Chunki muxbirlar eng, eng...eng!!! Xullas, tushunarli-a u yog‘i! Yozish shartmas. Umuman to‘g‘ri qilishdi?!

    LO`LILARNING NIKOH TO`YI
    (Kelin-kuyov limuzinda sayr qiladi...)
    Isbotini topmagan mish-mishlar
    Emishki, lo‘li qizlar to‘y kuni chimildiqqa kuyov bola kirish oldidan unga eshittirib, "umrimning oxirigacha erimni boqaman. Och qolsam qolay, kasal bo‘lib qolsam ham, amallab erimni boqaman”, dermish. Shundan keyingina kuyov chimildiqqa kirar ekan...
    Emishki, lo‘lilarda o‘g‘il bolalardan emas, qizlardan o‘g‘il bola xonadoniga sovchi kelarmish. Tanlash huquqi qizlarda bo‘larmish...
    Emishki, lo‘lilar o‘ch olishga usta ekan. Hattoki, oddiygina ortiqcha qilingan hazil qon bilan yuvilarmish. Shuning uchun ham qasd olish ustun bo‘lgani bois, qiziqqon xalk deya, ta’riflanarmish...

    — Xolajon, to‘y-tomosha, urf-odatlaringiz haqida yozmoqchiydik, rozimisiz?
    — Hay, mayle bolam... Ismim Xolmirzoeva Zamira, — lo‘licha talaffuzda so‘zlay boshladi aya. —Yoshim 75 ga, bolam. 1934 yil tug‘ilganman. Hisobla, nechchi bo‘ladi, 75 bo‘ladime?
    — Yo‘g‘e! Rosti bilanmi? Yosh ko‘rinasiz-ku!
    —«Ovlo» bor (Xudoni nazarda tutyapti) bolam, tushundingma? Yolg‘on gapirmayman.
    — Urf-odatlaringiz o‘zbeklarnikiga o‘xshaydimi?
    — O‘xshaydigoni bor, o‘xshamaydigoni bor. Masalan, to‘ylarimiz haqida man sanga aytay. Agar kimki o‘g‘lini uylantirmoqchi bo‘lsa, oldin qiz bor xonadonni biladi, so‘ng 3-4 ta xotin yig‘ilishib "qiz ko‘rdi”ga boradi. Qizni ko‘radi. Bizda avval yigit-qiz uchrashadi. Yoshlar bir-birini yoqtirsa, ana undan keyin sovchi yuboradi.
    — Keyin unashtiruv bo‘ladimi?
    — Yo‘q. Bizda boshqacharoq. Sovchi bo‘lib borganda «oqsolar marosimi»ni ham qilishadi. Kuyov tomondan sovchi bo‘lib kelganlar qizning boshiga, peshonasiga un sepib, oq bog‘lashadi. Sovchilar bitta qo‘y olib kelishadi va katta bazm qilinadi. Bu to‘yning boshlanishi.
    Fotiha udumimiz ham boshqacha o‘tkaziladi. Bunda kuyov bo‘lmish kelinga bitta qo‘y, bitta sigir va boshqa xarajatlarini ham olib keladi. Lekin ikki tomon baravar sep qiladi. 10 ta ko‘rpa, 10 ta yostiq, 10 ta ko‘rpacha, bitta katta va bitta kichik sandiq. Imkon bo‘lsa, divan bilan "gardirob” (shkaf demoqchi) qiladi. Puli borlar «tilbizo‘r», «viydo» ham qilishyapti. Ammo yigit tomon kelinga tilla uzuk, tillo zanjir, tillo zirak olib berishi kerak...
    To‘yda eng avvalo, musulmoncha nikoh o‘qitiladi. Ana undan keyin «kelin salom» qilinib, "kelindi” dugonalari bilan aylantirishadi. Hozir "limuzinme, 6 metrlikkame, 7 metrlikkame o‘tqizadigan bo‘ldi-ku!” O‘shanga o‘tirib, kelin boshqa, kuyov boshqa aylanishadi, "morojno” yeydimi, xullas shunaqa.
    — ZAGSdan o‘tishadimi? Ko‘pchilik lo‘lilarda pasport bo‘lmaydi, deyishadi-ku, shu rostmi?
    — Nega endi bo‘lmas ekan. Mana paspo‘rt bor. ZAGSdan ham o‘tadi. Bizam O‘zbekiston fuqarosi, faqat millatimiz lo‘li-da!
    — To‘yni hovlida qilasizlarmi?
    — Imkoni borlar kafe, restoranlarda qiladi. Ba’zilar hovlisidayam to‘y qilaveradi...

    «ChIROQ O`CHDI» MAROSIMI
    Bir zamonlar eshitgandim, lo‘lilarda «chiroq o‘chdi» marosimi bo‘larkan. Sherigim, qo‘yarda-qo‘ymay, nuqul shu savolni berishga urinar, onaxon ham uni eshitmaganlikka olardi.
    Azbaroyi qiziqqanimdan sherigimdan bu haqda so‘rab oldim. Emishki, «chiroq o‘chdi» marosimida «kelin-kuyov» chimildiqqa kirib ketgach, xotin-xalaj, juvonlar, yigitlaru erkaklar bitta xonaga qamalib olib, chiroqni o‘chirishar ekan. Qorong‘ida kim kimni topsa... birga bo‘larkan... Eshitib yoqamni ushladim. Qaerdagi gaplarni topib yuradi, bu Yodgorbek. Ammo mukofot, u esimdan chiqibdi-ku! Mardligim qo‘zib shu savolni beramanmi, ayaga! Urdi xudo, gapim og‘zimda qoldi.
    — Bizda unaqa bo‘lmaydi! — jerkib tashladi kampir. — Xudoga shukr, hamma joyda «svet» yonib turadi! Qaysi zamonlardan qolib ketgan udum-ku! Qishloq joylarda bordir, ammo biz shaharlik «kulturniy» lo‘lilarmiz...

    LO`LI XOTIN ERINI BOQISHI SHARTMI?
    — Nega lo‘lilar davlat idoralarida ishlamaydi?
    — Ishlayde. Mana tumanimiz S.Rahimov, o‘z mahalla qo‘mitamiz bor. Ishlaydiganlarining bari ro‘yxatda. O‘zim 45 yil «dvorni» — obodonlashtirish bo‘limida ishlaganman. Cholim 50 yil — shu tumandagi magazinlarga qorovul bo‘lgan.
    — Xalq orasida bir gap yuradi. Lo‘li xotinlar erini boqarmish. Boqishi shartmish. Shu rostmi?
    — Yo‘g‘-e, bolam, unaqamas, — shu payt boshqa lo‘lilar ham guvillab gapga aralashishdi.
    — 6 o‘g‘il, 5 ta qizim bor. O‘g‘illarim armiyada xizmat qilishgan. Hammalari davlat idoralarida ishlashadi. Ammo «xotini boqadi» degan gapda ham jon bor. Ilgari bizning ham ota-bobolarimiz quloq qilingan, shu bois ba’zilari uyda, ba’zilar begona joylarda yashirinib yurishgan. Shuning uchun oilani boqishga imkoni bo‘lmagan. Shu sabab, xotinlar ishlab, pul topib, yashirinib yurgan erini boqqan. Bu gap o‘shandan qolgan.
    — O‘zbek she’r yozishga, lo‘li gipnoz qilishga usta deyishadi?
    — Ibi, qayoqda? Man gipnozni bilmayman. Lekin kinna solaman, qoqaman, suqaman. Bolalarning tomog‘idan narsa olaman. Buvim fotiha berganlar...
    — Lekin... Nega marhumni uyingizga ko‘masizlar?
    — Qanaqa uy. Mana qabriston! — o‘sha tomonga ishora qildi onaxon. — Yur, man sanga ko‘rsatay. 5-6 so‘m choychaqa ber, man oboray!
    Buni eshitib, sherigim ikkalamiz bir-birimizga qarab qo‘ydik. Shu yerdayam «udumini» qilyaptimi? Ayni damda orqadagi lo‘lilar ham guvillab ketdi. Ular buvilarining choy-chaqa so‘raganidan xijolat bo‘lishdi, chog‘i. Aya ham darrov jilmaydi: «Hazel qildim, bolam, hazel!» dedi u.
    — Aslida lo‘lilar ilgarigi zamonlarda begonalar oyoq osti qilmasin deb, marhumlarni uyga ko‘mishgan. Ammo bunga hozir hojat yo‘q. Uyda tirikka joy kamu marhum ko‘madimi? Yonimizdagi «Sag‘bon» qabristonida lo‘lilarga alohida joy ajratilgan.

    TILANChILIK QILISH — URFMI?
    — Siganlar bilan lo‘lilarning farqi bormi?
    — Sigan yomon. Yoningda turib, boringni shilib oladi. Biz insoflimiz. Musulmonmiz. Uyalamiz, berganini olamiz.
    — Tilanchilik qilish urfmi?
    — Ha, hammasi Allohning karami bilan. Xudo kimnidir boy, kimnidir kambag‘ol qilib yaratgan. Biz o‘g‘irlik qilmaymiz, fohishalik qilmaymiz. Tilanchilik bizga ona sutiday halol...
    — Nega lo‘lilar institutda o‘qimaydi? O‘qib, ishlasalar, tilanchilik qilishga hojat qolmasmidi?
    — O‘qiganlar bor, — gapga aralashdi yoshlardan kimdir. — Ammo o‘qiganimiz bilan bizni kim ham ishga olardi? Qo‘limda diplomim bilan biron joyga ish so‘rab borsam, «millating kim?» deb so‘rashadi. «Lo‘li» desam, «yo‘qot» deganday imo qilishadi. Bizni kamsitishadi. Mana ko‘rib turibsiz, bitta uyda 6-7 ta oila yashaymiz. Qo‘limizdan hech narsa kelmaydi.
    — Bolalaringiz qaerda o‘qishadi? Yo maktabga borishmaydimi?
    — Lo‘lilarning bolalari uchun alohida maktablar bor. O‘sha yerga qatnashadi. Hozir lo‘lilar orasidan ham o‘qimishlilar chiqayapti.

    LO`LILAR KELGINDIMI?
    — Sizlarni «kelgindi» deyishadi. Shu rostmi?
    — Aytishlaricha, lo‘lilarni Zahiriddin Muhammad Bobur Mo‘lton shahridan olib kelgan ekan. Shu-shu O‘zbekistonda o‘troq bo‘lib yashab qolganmiz.
    — Milliy bayramlaringiz bormi?
    — Ha bor, bolam. Biz uchun har payshanba, juma bayram. Yig‘ilishib sayl uyushtiramiz. Qo‘y so‘yib, xudoyi qilib, osh damlaymiz. Qolgan bayramlar — Navro‘z, Xotira kuni, Mustaqillik — hammasi bir xil.
    Shu payt ayaning bir o‘g‘li qo‘lida boyadan beri ushlab, nimalarnidir belgilayotgan bir parcha qog‘ozni ko‘rsatib, "qarang, mahalladagilar ro‘yxati. Ertangi oshga pul olib kelyapti”, — dedi. Qanday uyushgan xalq!
    — Bayramlarda nima qilasizlar?
    — Karimov qaerga o‘tirsa, biz ham o‘sha yerga borib, bayram qilamiz, — jilmaydi aya. — Iloyo, poshshoyimizning boshi toshdan bo‘lsin!
    Albatta, butun bir millat, ularning urf-odatlari haqida qisqa maqolada so‘zlab berish qiyin. Bu mavzuga yana qaytamiz. Negaki, lo‘lilar bizning qo‘shnimiz, yaqinimizdir. Shuningdek, ular shaddod, jizzaki, qiziqqon hamdir. Ko‘zlari o‘tkir, so‘zlari keskir. Kelajakni, bo‘lg‘uvsi voqealarni oldindan biladigan, odam ruhiyatini, xulq-atvorini bir qarashda ilg‘aydigan sirli millat bu. Ular haqida hikoyalarimiz davom etadi...
    Achavot mahallasidan chiqar ekanmiz, nimadir ochilmay qolganga, momo aytmoqchi bo‘lgan ko‘p gaplarni yonidagi sheriklari gap qistirib o‘tirishgani uchun ham aytolmay qolganga o‘xshardi. Xullas, maqola yuzasidan "chanqog‘imiz” qonmadi. Bu mavzuga albatta qaytamiz! Qiziq, va’da qilingan mukofotni ololarmikanmiz?!
    Категория: FIKR MULOHAZA | Просмотров: 1923 | Добавил: sevgi__2012 | Рейтинг: 0.0/0
    Всего комментариев: 2
    2  
    surprised zo'o'o'r

    1  
    Zo'rku

    Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
    [ Регистрация | Вход ]